GS-BIO Namanganda kartoshka urug‘chiligi laboratoriyasini ochadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreyaning agrobiotexnologiya kompaniyasi GS-BIO Namangan viloyatida urug‘lik kartoshka yetishtirishni rivojlantirish maqsadida zamonaviy laboratoriya tashkil etishni rejalashtirmoqda. Kompaniya rahbari Kim Von Xyon boshchiligidagi delegatsiya ushbu sohada hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun viloyatga tashrif buyurdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov GS-BIO rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar urug‘lik kartoshka yetishtirish va yetkazib berish, shuningdek, ushbu sohada issiqxona texnologiyalari hamda Smart Farm tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
GS-BIO zamonaviy urug‘lik kartoshka yetishtirish tizimini rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarga ixtisoslashgan. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri viruslardan xoli kartoshka ekish materialini ishlab chiqarish hisoblanadi.
Hokimlik maʼlumotiga ko‘ra, kompaniya tomonidan taklif etilayotgan yechimlar hosildorlik va mahsulot sifatini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda urug‘lik kartoshka ishlab chiqarishning zamonaviy tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
Janubiy Koreya kompaniyasi vakillari Namangan viloyatining sharoitlari va imkoniyatlarini inobatga olgan holda hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Ayni paytda tomonlar viloyatning kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlaridan birida zamonaviy laboratoriya tashkil etish imkoniyatini o‘rganmoqda.