Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Mingyuan Silu kompaniyasi Farg‘ona shahrida bojxona bojlarisiz savdo tamoyili asosida faoliyat yuritadigan Duty Free savdo majmuasini tashkil etishni taklif qildi. Tashabbus Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va kompaniya bosh direktori Li Binbin boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar aniq loyiha taklifi asosida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Mingyuan Silu vakillari tashabbusni ishlab chiqishda viloyat aholisi soni, uning iqtisodiy salohiyati va isteʼmol bozori imkoniyatlari hisobga olinayotganini taʼkidladi.
Kompaniya 2013 yildan buyon O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida strategik sheriklik rivojlanayotgani yangi investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish uchun imkoniyatlar yaratayotgani ham qayd etildi.
Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, Duty Free majmuasining tashkil etilishi hududda turizmni rivojlantirish, xorijiy sayyohlar sonini ko‘paytirish va Farg‘ona viloyatining xalqaro imijini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Tomonlar loyihani amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashib, tashabbus ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi.