Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov Yaponiyaning Itochu Corporation kompaniyasi ijrochi va operatsion bosh direktori Yamaguchi Xisakadzu boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda vazirlikning masʼul xodimlari hamda “Navoiyuran” DK rahbariyati vakillari ham ishtirok etdi.
Tomonlar geologiya-qidiruv ishlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga asosiy eʼtibor qaratdi. Xususan, istiqbolli maydonlarda tadqiqotlar o‘tkazish va konlarni keyinchalik o‘zlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning alohida mavzusi geologik maʼlumotlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilar boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Itochu Corporation o‘rtasida tog‘-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.