Texnologiyalar

O‘zbekiston Parijdagi birinchi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etmoqda

O‘zbekiston Parijdagi birinchi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Parijdagi birinchi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etmoqda / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan 9–10 sentyabr kunlari Parijdagi Grand Palais majmuasida o‘tkazilayotgan birinchi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt departamenti rahbari Bobur Xo‘jayev hamda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etmoqda.

Sammitning asosiy mavzusi kosmik sohaning kelajagi bo‘ldi. Ishtirokchilar xalqaro hamkorlik, kosmik iqtisodiyot, fan va texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, kosmik faoliyat xavfsizligi va barqarorligi masalalarini muhokama qilmoqda.

Tadbirda 90 ta davlat va xalqaro tashkilot vakillari, 60 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, kosmik agentliklar vakillari, astronavtlar, ekspertlar va startaplar ishtirok etmoqda. Sammitda taqdim etilgan kosmik sanoatning yetakchi kompaniyalari umumiy soni 1000 dan oshadi.

Ishtirokchilar kosmik soha oldida turgan dolzarb muammolarni, ularni birgalikda hal qilishning mumkin bo‘lgan yo‘llarini, shuningdek, ilg‘or tajriba va bilimlar almashinuvi masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kosmik faoliyatni barqaror rivojlantirish uchun sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Sammit doirasida «Tez o‘zgarayotgan dunyo uchun yangi kosmik makon», «Kosmik xavfsizlik: Yevropaning javoblari» va «Kelajak kosmik infratuzilmasi konsepsiyasi» mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, global kosmik iqtisodiyot, xavfsizlik va hamkorlik, fan va tadqiqotlarga bag‘ishlangan panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi.

Parijga 14 mamlakatdan 19 nafar taniqli astronavt tashrif buyurdi. Ular orasida fransuz astronavti Toma Peske, italiyaliklar Samanta Kristoforetti va Luka Parmitano, germaniyaliklar Aleksandr Gerst va Mattias Maurer, BAA vakili Sulton Al-Neyyadiy hamda turkiyalik astronavt Alper Gezeravji bor.

Ishtirokchilarning keng tarkibi kosmik sohaning joriy holati va istiqbollari bo‘yicha fikr almashish, yangi imkoniyatlarni muhokama qilish hamda kelgusidagi hamkorlik uchun aloqalar o‘rnatish imkonini yaratadi.

Sammit doirasida astronavtlarni kutib olish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ishtirok etdi.

 

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.