Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Iqlim investitsiyalari jamg‘armasining (CIF) Sanoatni dekarbonizatsiya qilish dasturi doirasida investitsiya rejasini tayyorlash bo‘yicha uch kunlik maslahatlashuvlar bosqichi yakunlandi.
Missiya 15–17 sentyabr kunlari O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarligida xalqaro moliya tashkilotlari va sanoat sektori vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.
Missiyada CIF Kotibiyati, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, manfaatdor vazirlik va idoralar, sanoat korxonalari, moliya institutlari hamda rivojlanish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar — hamkorlar vakillari ishtirok etdi.
Asosiy vazifa yangilangan investitsiya rejasi loyihasini birgalikda ko‘rib chiqish, manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish va hujjatni CIFga o‘z vaqtida taqdim etish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni kelishishdan iborat bo‘ldi.
Birinchi kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari hujjatning yangilangan loyihasini taqdim etdi. Ishtirokchilar ustuvor yo‘nalishlar, investitsiya ehtiyojlari va imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, dasturni amalga oshirishda gender tengligi, ijtimoiy inklyuziya va adolatli o‘tish masalalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Ishtirokchilar bildirilgan mulohaza va tavsiyalarni, shuningdek, ularni investitsiya rejasida aks ettirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Ikkinchi kuni sanoat korxonalari, tarmoq birlashmalari va moliya institutlari bilan muhokamalar o‘tkazildi. Davra suhbatida korxonalar va banklar vakillari dekarbonizatsiya loyihalarini amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish, investitsiya imkoniyatlari va zarur qo‘llab-quvvatlash choralari bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Mazkur masalalarning investitsiya rejasida qay darajada aks ettirilgani va hujjatning qaysi bo‘limlarini yana-da kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Missiyaning so‘nggi kuni ishtirokchilar tadbirlar davomida bildirilgan takliflarni tahlil qildi va ularni investitsiya rejasiga kiritish imkoniyatlarini belgiladi.
Missiya yakunlari bo‘yicha hujjatni tayyorlashni yakunlash va uni Iqlim investitsiyalari jamg‘armasiga o‘z vaqtida taqdim etish bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olindi.