O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Uzbekistan Airports va My Freighter e-commerce yo‘nalishini ishga tushirdi

Dilafro'z Niyazova · 09.09.2026 · 11:35 · 36 views
Uzbekistan Airports va My Freighter e-commerce yo‘nalishini ishga tushirdi
Uzbekistan Airports va My Freighter e-commerce yo‘nalishini ishga tushirdi / Foto: Uzbekistan Airports.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airports yuk tashuvchi aviakompaniya My Freighter bilan hamkorlikda Xitoydan Yevropa mamlakatlariga elektron tijorat yuklarini Toshkent xalqaro aeroporti orqali yetkazib berish bo‘yicha multimodal loyihani ishga tushirdi.

Yangi yo‘nalish avtomobil va havo transportidagi tashuvlarni yagona logistika zanjiriga birlashtiruvchi Truck-to-Air modeli asosida ishlaydi. Xitoyning turli shaharlaridan yuklar dastlab avtomobil transportida Toshkentga yetkaziladi va bu yerda zarur qayta ishlash jarayonlaridan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng ular havo transporti orqali Belgiyadagi Lyej xalqaro aeroportiga tashiladi.

Loyiha 2026 yil 22 avgust kuni ishga tushirilgan. Hozirga qadar uning doirasida yettita yuk reysi amalga oshirildi.

Keyingi bosqichda tashuvlar chastotasini haftasiga to‘rt-olti reysga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bunda har bir havo kemasining yuk sig‘imi qariyb 50 tonnani tashkil etadi. Rejalashtirilgan chastotaga chiqilganda, elektron tijorat yuklarini tashish hajmi haftasiga 200–300 tonnaga yetishi mumkin.

Uzbekistan Airports yuk tashish faoliyati bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Buxarovning taʼkidlashicha, loyiha Toshkentning Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi multimodal xab sifatidagi tranzit salohiyatidan foydalanish imkonini beradi.

«Aviatsiya va quruqlikdagi tashuvlarni birlashtirish orqali Xitoyning eng yirik elektron tijorat markazlarini Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan samarali logistika yo‘nalishini yaratmoqdamiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning tranzit salohiyatini yana-da rivojlantirish va Toshkentning xalqaro logistikadagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.