O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Texnologiyalar

O‘zbekiston Parijdagi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etadi

Dilafro'z Niyazova · 09.09.2026 · 12:10 · 25 views
O‘zbekiston Parijdagi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etadi
O‘zbekiston Parijdagi Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 9–10 sentyabr kunlari Parijda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro kosmik sammitda ishtirok etadi.

Tadbir kosmik sohaning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun turli davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat hamda xususiy sektor vakillarini bir joyga to‘playdi.

Sammit Fransiya va Germaniya hamraisligida o‘tkaziladi. Unda kosmik sanoat iqtisodiyoti, xavfsizlik, ilm-fan, ekologiya, tartibga solish, Yevropaning roli va kosmik faoliyatni global boshqarish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Fransiya Gviana kosmik markazi kabi yetakchi milliy infratuzilmalar, shuningdek, Yevropa kosmik sanoati aylanmasining qariyb yarmini taʼminlaydigan sanoat tarmog‘i tufayli Yevropa kosmik sektorida alohida o‘rin tutadi.

Mamlakatning ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlikning rivojlangan tarmog‘i unga kosmosga mustaqil, barqaror va raqobatbardosh kirishga qaratilgan Yevropa kosmik siyosatini shakllantirishda yetakchi rol o‘ynash imkonini beradi.

Sammitning asosiy yo‘nalishlaridan biri 1967 yilda qabul qilingan Kosmos to‘g‘risidagi shartnoma bo‘ladi. U xalqaro kosmik huquqning asosi sifatida qaraladi. Tadbir Radioaloqa bo‘yicha Jahon konferensiyasi hamda kosmosni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanishga bag‘ishlangan UNISPACE IV konferensiyasi arafasida o‘tkaziladi.

Sammit dasturi to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Ishtirokchilar kosmik makon xavfsizligi, jumladan, muloqot, mudofaa va hamkorlikning ahamiyati, shuningdek, kosmik muhitni asrash, kosmik faoliyat barqarorligi va kosmosga erkin kirishni taʼminlash masalalarini muhokama qiladi.

Kosmik xizmatlarning raqobatbardoshligi va ularni jahon iqtisodiyoti manfaatlari yo‘lida uzoq muddatli rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, kosmik sohadagi yangi iqtisodiy imkoniyatlar va uni Yevropa darajasida birlashtirish vazifalari muhokama qilinadi.

Yana bir yo‘nalish kosmik makonni global va masʼuliyatli boshqarishga bag‘ishlanadi. Tashkilotchilar taʼkidlashicha, kosmos umumiy boylik hisoblanadi va u huquqiy meʼyorlar bilan tartibga solinmaydigan makonga aylanmasligi kerak.

To‘rtinchi mavzu kosmosning ilmiy tadqiqotlar, koinotni o‘rganish va texnologik rivojlanishdagi roli, shuningdek, yoshlarni ilhomlantirish va safarbar etishdagi ahamiyati bilan bog‘liq.

Parijdagi Gran-Pale majmuasida o‘tkaziladigan tadbirda 2 mingdan ortiq ishtirokchi va 100 ta xorijiy delegatsiya qatnashishi kutilmoqda.

Ular orasida davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, parlament aʼzolari, olimlar, harbiylar, kosmonavtlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati, mahalliy hokimiyat organlari va taraqqiyot banklari vakillari bo‘ladi.

O‘zbekiston sammitda kosmik sektor ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘ladi.