O‘zbekiston va AQSH Farmakopeyasi farmatsevtika sohasini rivojlantirishni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi AQSH Farmakopeyasi (United States Pharmacopeia, USP) vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar farmatsevtika sohasining ilmiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Uchrashuvning asosiy yo‘nalishlaridan biri kadrlar salohiyatini mustahkamlash va professional tajriba almashinuvini kengaytirish bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘zbekistonlik olimlar va mutaxassislarni USPning yetakchi laboratoriyalari hamda boshqa obyektlariga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Bunday format mutaxassislarga amaliy tajriba orttirish va malakasini oshirish imkonini berishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda tashkil etilayotgan laboratoriya va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi faoliyatida AQSH Farmakopeyasi ekspertlarining ehtimoliy ishtirok etishiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar, shuningdek, USP mutaxassislarini jalb qilgan holda amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashinuvi dasturlarini o‘tkazish masalasini muhokama qildi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonda tashkil etilayotgan zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlarini loyihalash hamda jihozlashda USPning ilg‘or xalqaro yondashuvlaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Muhokamalar kasbiy kompetensiyalarni yana-da rivojlantirish, xalqaro mutaxassislar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish va farmatsevtika sohasida zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirishda USP tajribasidan foydalanishga qaratildi.