O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda xizmatlar bozori hajmi 802,4 trln so‘mga yetdi

Dilafro'z Niyazova · 30.08.2026 · 11:50 · 29 views
O‘zbekistonda xizmatlar bozori hajmi 802,4 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda xizmatlar bozori hajmi 802,4 trln so‘mga yetdi / Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil yanvar–iyul oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi joriy narxlarda 802 461,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real ko‘rsatkichlarda 16,7 foizga ko‘pdir. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mitaning dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–iyul oylarida xizmatlar hajmi 651 676,9 mlrd so‘mni tashkil etgan va 2024 yilga nisbatan 13,5 foizga o‘sgan. Joriy yilda bozor xizmatlari o‘sishiga eng katta hissani savdo xizmatlari qo‘shgan. Ushbu yo‘nalishda o‘sish 15,2 foizni, o‘sishga qo‘shgan hissasi esa 3,9 foiz punktni tashkil etgan. Moliyaviy xizmatlar 24,5 foizga o‘sib, 3,6 foiz punkt hissa qo‘shgan. Yashash va ovqatlanish xizmatlari 15 foizga o‘sib, 2,8 foiz punkt, transport xizmatlari esa 14,3 foizga o‘sib, 2,3 foiz punkt hissa qo‘shgan.

2026 yil yanvar–iyul oylarida ko‘rsatilgan jami bozor xizmatlarining 41,4 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda xizmatlar hajmi 332 240,5 mlrd so‘mni tashkil etib, real o‘sish surʼati 117,4 foiz bo‘ldi. Hududlar orasida eng katta xizmatlar hajmi Samarqand viloyatida 56 487,5 mlrd so‘m yoki umumiy ko‘rsatkichning 7 foizi, Toshkent viloyatida 53 785,5 mlrd so‘m yoki 6,7 foizi hamda Farg‘ona viloyatida 52 295,3 mlrd so‘m yoki 6,5 foizi qayd etildi. Poytaxtni hisobga olmaganda, hududlar orasida real o‘sishning eng yuqori surʼatlari Sirdaryo viloyatida 118,7 foiz va Navoiy viloyatida 118,5 foizni tashkil etdi.

Respublika bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan bozor xizmatlari hajmi 20 909,4 ming so‘mni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 17 285,2 ming so‘m bo‘lgan. Real o‘sish surʼati 114,6 foizni tashkil qildi. Aholi jon boshiga eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilib, 103 981,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu 2025 yil yanvar–iyul oylariga nisbatan 18 737,7 ming so‘mga ko‘p. Eng past ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida — 8 267,1 ming so‘mni tashkil qildi.

Hisobot davrida kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 451 972,6 mlrd so‘mga yetdi. Bu umumiy xizmatlar hajmining 56,3 foizini tashkil etadi, real o‘sish surʼati esa 117,9 foiz bo‘ldi. Xizmatlar hajmida kichik biznesning eng yuqori ulushi Farg‘ona viloyatida 76,2 foiz va Andijon viloyatida 74,9 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida kichik tadbirkorlikning ulushi nisbatan past bo‘lib, 41,9 foizni tashkil etganiga qaramay, ushbu sektor tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi mamlakatda eng yuqori bo‘ldi va 139 236,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bozor xizmatlari tarkibida savdo xizmatlarining ulushi 25,2 foiz, yashash va ovqatlanish xizmatlarining ulushi 18,7 foiz, moliyaviy xizmatlar 15,7 foiz, transport xizmatlari 15,1 foiz, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 7,7 foiz, taʼlim sohasidagi xizmatlar 3,4 foizni tashkil etdi.

2026 yil yanvar–iyul oylarida savdo xizmatlari hajmi joriy narxlarda 35 065,9 mlrd so‘mga oshib, 202 007,3 mlrd so‘mga yetdi. Uning tarkibida eng katta ulushni chakana savdo xizmatlari — 41,4 foiz tashkil etdi. Yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 29 478,2 mlrd so‘mga oshib, 149 719,2 mlrd so‘mga yetdi. Ushbu xizmatlarning 96,6 foizi oziq-ovqat va ichimliklar bilan taʼminlash xizmatlariga to‘g‘ri keldi.

Transport xizmatlari hajmi 121 451,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. Uning 52,4 foizi yoki 63 691,9 mlrd so‘mi avtomobil transporti xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Moliyaviy xizmatlar hajmi 30 596,1 mlrd so‘mga oshib, 125 805,6 mlrd so‘mga yetdi. Ularning o‘sish surʼati 124,5 foizni tashkil qildi. Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 61 647 mlrd so‘mga yetdi. Unda eng katta ulush, yaʼni 48,5 foiz kompyuter dasturlash xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Taʼlim sohasidagi xizmatlar hajmi 27 241,3 mlrd so‘mga yetdi. Unda oliy taʼlim xizmatlari 41,2 foiz ulush bilan ustunlik qildi. Sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 13 865,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlar dastlabki ekanini va keyingi nashrlarda ularga o‘zgartishlar kiritilishi mumkinligini taʼkidladi. Shuningdek, 2026 yil yanvar–mart oylari maʼlumotlaridan boshlab savdo xizmatlari hajmini hisoblash metodologiyasiga xalqaro ekspertlar tavsiyalariga muvofiq qayta sotish uchun mo‘ljallangan tovar zaxiralaridagi o‘zgarishlarni hisobga oluvchi tuzatishlar kiritilgan.