Toshkentda School Bus tizimini joriy etish imkoniyati o‘rganilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda o‘quvchilarning poytaxt maktablariga yana-da xavfsiz va qulay qatnovini tashkil etishga qaratilgan School Bus maktab avtobuslari tizimini joriy etish imkoniyatlari amaliy jihatdan o‘rganila boshlandi. Bu haqda Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Dastlabki bosqichda mutaxassislar ota-onalarning ehtiyojlarini o‘rganmoqda, o‘quvchilar hozirda taʼlim muassasalariga qanday yetib borishini aniqlamoqda hamda keyinchalik avtobus yo‘nalishlarini shakllantirish uchun maʼlumotlar to‘plamoqda.
Ayni paytda so‘rovnoma Toshkentdagi 328 ta maktabdan 29 tasida o‘tkazildi. Birinchi navbatda o‘quvchilar soni eng ko‘p bo‘lgan va maxsus maktab transportiga talab yuqori bo‘lishi taxmin qilingan taʼlim muassasalari qamrab olindi. Tadqiqotda 58 369 nafar maktab o‘quvchisining oila aʼzolari yoki vasiylari ishtirok etdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning 38,5 foizi maktabga piyoda boradi. Yana 33,1 foizini ota-onalari shaxsiy avtomobillarda olib boradi. O‘quvchilarning 18,3 foizi avtobusdan, 5,7 foizi taksidan, 3,5 foizi metrodan foydalanadi. Yana 0,9 foiz o‘quvchi mikromobillik vositalaridan foydalanadi.
Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 73,5 foizi maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlari bo‘lishini xohlashini bildirgan. Toshkent YHTTMda taʼkidlanishicha, olingan natijalar School Bus tizimiga potensial talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
So‘rovnomani poytaxtdagi qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettirish rejalashtirilgan. Tadqiqot yakunlanganidan so‘ng mutaxassislar o‘quvchilarning yo‘lovchi oqimini tahlil qilish, talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni, zarur avtobuslar soni va ularning harakat jadvalini aniqlashni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, bolalarni xavfsiz chiqarish va tushirish uchun joylarni tashkil etish masalalari hamda bo‘lajak tizimning boshqa tashkiliy jihatlari o‘rganiladi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, School Bus tizimini ishga tushirishning amaliy imkoniyatlari baholanadi. Shundan so‘ng tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimni Toshkentda bosqichma-bosqich joriy etish masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Ota-onalar so‘rovnomada Telegram-bot orqali ishtirok etishga chaqirildi: @school_coddbot. Olingan javoblar maktab avtobuslaridan foydalanishi mumkin bo‘lgan foydalanuvchilar sonini, zarur transport vositalari va yo‘nalishlar miqdorini aniqlashga yordam berishi kerak.