Shoshilinch
O‘zbekiston

Farg‘ona shohko‘chasida avtobus yo‘laklarini nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi

Farg‘ona shohko‘chasida avtobus yo‘laklarini nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi
Farg‘ona shohko‘chasida avtobus yo‘laklarini nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdagi Farg‘ona shohko‘chasida “A” maxsus avtobus yo‘laklari bo‘ylab harakatlanishni nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi. Tizim har ikki yo‘nalishda umumiy uzunligi 6 kilometr bo‘lgan yo‘l qismini qamrab oladi.

Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) maʼlum qilishicha, jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida shaharning boshqa ko‘chalarida ham kameralar bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlar poytaxt transport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, BRT tizimining yangi uchastkalarini qurish va avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklar tarmog‘ini kengaytirish doirasida amalga oshirilmoqda.

Tegishli huquqqa ega bo‘lmagan transport vositalarining “A” yo‘laklari bo‘ylab harakatlanishi soat 06:00 dan 23:00 gacha taqiqlangan.

Maxsus yo‘laklar avtobuslarning to‘siqlarsiz harakatlanishini taʼminlash va belgilangan jadvalga rioya etish maqsadida tashkil etilgan.

YHTEM maʼlumotlariga ko‘ra, bitta avtobusda bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lishi mumkin. Shu sababli, avtomobillarning ushbu yo‘laklarga chiqishi ko‘plab odamlarning manziliga kechikib yetib borishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Haydovchilardan yo‘l belgilari va chiziqlari talablariga rioya qilish, taqiqlangan vaqtda avtobus yo‘laklarini band qilmaslik hamda yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari manfaatlarini hisobga olish so‘ralmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.