Shoshilinch
Iqtisod

AQSH O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat migratsiyasi dasturini tayyorlamoqda

AQSH O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat migratsiyasi dasturini tayyorlamoqda
AQSH O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat migratsiyasi dasturini tayyorlamoqda / Foto: O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Amerikaning Head Honchos kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini AQSH qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishlashga tayyorlash dasturini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.

Agentlik direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov kompaniya rahbariyati bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar AQSHdagi bahorgi qishloq xo‘jaligi mavsumi boshlanishidan oldin nomzodlarni o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qildi.

Dasturda 12 haftalik o‘quv kursi nazarda tutilgan bo‘lib, u ingliz tili mashg‘ulotlari, qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni taʼmirlash, payvandlash hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha darslarni o‘z ichiga oladi.

Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, amerikalik fermerlarning mavsumiy ishlarda O‘zbekiston fuqarolarini jalb etishga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda.

Ish beruvchilar o‘quv dasturini ishlab chiqish, nomzodlarni sinovdan o‘tkazish va ularni yakuniy sertifikatlash jarayonida ishtirok etadi.

Ishtirokchilarni tanlash va tayyorlash ishlari ish beruvchilardan buyurtmalar kelib tushganidan hamda saralash mezonlari tasdiqlanganidan so‘ng boshlanadi.

Migratsiya agentligi qabul shartlari va ariza topshirish tartibi haqida qo‘shimcha maʼlumot beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.