Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Yashnobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ilgari sudlangan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan uyushgan jinoiy guruhning sobiq aʼzosi sifatida tilga olingan erkakning xonadonidan kokain aniqladi.
Tezkor-qidiruv tadbirini O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti, uning hududiy bo‘linmalari va Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari o‘tkazdi.
Xonadonni ko‘zdan kechirish vaqtida mehmonxonadan skotch bilan o‘ralgan bir nechta qog‘oz o‘ramlar aniqlangan. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, ularning ichida kukunsimon giyohvandlik vositasi — kokain bo‘lgan.
Aniqlangan modda olib qo‘yilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotlariga ko‘ra, erkak Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U avval bir qator jinoyat moddalari bo‘yicha sudlangan va jinoiy guruhlar aʼzosi bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, uni jinoiy muhitda «Jora Toshkentskiy» laqabi bilan tanilgan shaxsning sherigi bo‘lganini maʼlum qildi.
Figurantga nisbatan giyohvandlik vositalarining qonunga xilof muomalasi fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.