Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston vakili Kamilla Rahimova Pekindagi WTA turniridagi ishtirokini yakunladi. U ikkinchi bosqichda amerikalik Ive Yovichga 1:6, 5:7 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Turnirda o‘ninchi raqam ostida saralangan 18 yoshli Yovich uchrashuvni ishonchli boshladi. Birinchi setda Rahimova 25 ta majburiy bo‘lmagan xatoga yo‘l qo‘ydi va amerikalik tennischi 4:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Dastlabki to‘rt geym qariyb 30 daqiqa davom etdi, ularning har birida hisob “rovno”gacha bordi.
Ikkinchi partiyada Rahimova o‘yinini yaxshilab, 5:2 hisobida oldinga chiqdi. 5:3 hisobida Yovich to‘p kiritayotganda o‘zbekistonlik tennischi ikki setbolga ega bo‘ldi — 15:40.
Biroq amerikalik tennischi har ikki setbolni ham qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
U birinchi setbolni uzoq davom etgan o‘yindan so‘ng qaytardi. Ralli uning uzatmasidan boshlangan edi. Ikkinchi holatda esa Yovich qisqa zarbadan muvaffaqiyatli foydalandi.
Shundan so‘ng Yovich ikkinchi setda hisobni tenglashtirdi va keyingi geymlarni ham yutib, uchrashuvni ikki partiyada — 6:1, 7:5 hisobida yakunladi.
Uchrashuv 114 daqiqa davom etdi.
G‘alaba Yovichga turnirning keyingi bosqichiga chiqish imkonini berdi. U chorak finalga chiqish uchun polyak tennischisi Iga Svyontek bilan bahs olib boradi.