Sport

Prezident O‘zbekiston shaxmatchilari g‘alabasini yuksak baholadi

Prezident O‘zbekiston shaxmatchilari g‘alabasini yuksak baholadi
Prezident O‘zbekiston shaxmatchilari g‘alabasini yuksak baholadi / Foto: O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba bilan yana bir bor tabrikladi.

Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz.

Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi bo‘lmagani ta’kidlandi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘ldi.

Shunday ulkan raqobat ichida O‘zbekiston bayrog‘ini eng balandga ko‘tarish bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir, – dedi davlatimiz rahbari.

G‘alabaga o‘z yurtimizda, xalqimiz ko‘z o‘ngida erishilgani unga alohida ma’no bag‘ishladi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi; hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz o‘yinlarni kuzatdi.

Prezidentimiz o‘zi ham hal qiluvchi partiyalarni katta qiziqish bilan ko‘rganini aytdi:

“Ba’zi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingizlar”.

Davlatimiz rahbari amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston terma jamoasi bilan uchrashuvga alohida to‘xtaldi. Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasida vaziyat bir payt juda og‘irlashganini esladi.

Lekin sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va jamoamizga hal qiluvchi g‘alabani olib keldi,– dedi Prezidentimiz.

Hindiston ustidan g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston yakka peshqadamga aylandi. Keyin shaxmatchilarimiz Xitoy jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etib, jahon reytingi yetakchisi va olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSh terma jamoasidan ham ustun keldi.

Prezidentimiz Nodirbek Abdusattorov butun musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritganini e’tirof etdi. Uning amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi g‘alabasi ham alohida esga olindi: “Buning o‘zi alohida katta natija!”.

Prezidentimiz Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada Javohir yana sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatdi, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmadi.

Endi oldingda yana bir ulkan marra – jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz! dedi davlatimiz rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dehtiarovni qora donalarda mag‘lub etib, jamoamizga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Mamlakatimiz yetakchisi uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, u amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor, dedi Prezidentimiz.

Shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.

Prezidentimiz O‘zbekiston Olimpiadada erkaklar va ayollar o‘rtasida jami oltita terma jamoa bilan qatnashganiga e’tibor qaratdi. Barcha tarkiblarning natijalari va o‘yin uslubi jahon shaxmat olamining qiziqishini uyg‘otdi.

Erkaklar o‘rtasidagi ikkinchi jamoamiz jahon reytingida oltinchi o‘rinda turgan Niderlandiya terma jamoasini yirik hisobda mag‘lub etdi. Davlatimiz rahbari buni ham muhim yutuq deb baholadi.

Uchinchi jamoa tarkibidagi 17 yoshli Asrorjon Omonov sakkizta o‘yinda yettita g‘alabaga erishdi. Uning natijasi mamlakatimizda yetishib kelayotgan iste’dodli shaxmatchilar salohiyatini ko‘rsatdi.

Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat, – dedi Prezidentimiz hamda bu avlod va uning ortidan kelayotgan yoshlar jahon shaxmatida hali ko‘plab yutuqlarga erishishiga ishonch bildirdi.

Davlatimiz rahbari ayollar terma jamoalarimiz ham Olimpiadada katta iroda va matonat ko‘rsatganini ta’kidladi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida g‘alaba qozonib, dunyoning kuchli shaxmat mamlakatlari vakillari bilan tengma-teng kurashdi.

Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati alohida e’tirof etildi.

– Ishonaman, hali o‘zbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga albatta ko‘tariladi, – dedi Prezidentimiz.

Samarqanddagi uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida terma jamoamiz ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. Selbi Kakishova yettita o‘yinda olti ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalni qo‘lga kiritdi, Ahadxon Kimsanbayev esa birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Prezidentimiz parashaxmatchilarning har biriga alohida tahsin bildirdi.

– Sizlar o‘z jasoratingiz, aql-zehningiz, irodangiz va tinimsiz mehnatingiz bilan minglab insonlarga juda katta ibrat va namuna ko‘rsatdingiz,– dedi davlatimiz rahbari.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.