Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Mirzo Ulug‘bek tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan Li L9 va BYD Song avtomobillari ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud hujjatini chiqardi.
Bu haqda Toshkent shahar sudining rasmiy axborotida maʼlum qilindi.
Avvalroq mazkur ish bo‘yicha birinchi instansiya sudining qarori Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi sudlov hayʼati tomonidan bekor qilinib, materiallar qo‘shimcha tergovga yuborilgan edi.
Yangi qarorga ko‘ra, Li L9 avtomashinasi haydovchisi, 2000 yilda tug‘ilgan F. J. O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 128-3-moddasining 4-qismi, 133-moddasi va 135-1-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Xususan, gap belgilangan tezlikni soatiga 60 kilometrdan ortiq oshirish, jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetkazilishi yoki sezilarli miqdorda moddiy zarar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzish, shuningdek, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish haqida bormoqda.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi inobatga olingan holda, haydovchiga yakuniy jazo sifatida 6 180 000 so‘m miqdorida jarima tayinlandi.
Rasmiy axborotda, shuningdek, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplangani qayd etilgan.
Shu bilan birga, manfaatdor tomonga YTH natijasida yetkazilgan boshqa moddiy va maʼnaviy zararni undirish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Tomonlarga sud qaroridan shikoyat qilish tartibi va muddatlari ham tushuntirilgan.