Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev 2026 yil 17 oktyabr kuni Bag‘dod shahrida Iroq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Husayn Muhammad Bahrul Ulum bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 52-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi. Ular tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish muhimligini taʼkidladi.