Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi Qozog‘istonning Aqtau shahrida o‘tkazilgan Aktau Asian Open 2026 turnirida beshta oltin medal qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Fotimaxon Tursunboyeva, Diyora Keldiyorova, Nizomiddinxo‘ja Toshpo‘latov, Mirjalol Normuminov va Muhammadali Tangriyev musobaqa chempionlari bo‘ldi.
Musobaqaning birinchi kuni o‘zbekistonlik sportchilar uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. 48 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida Fotimaxon Tursunboyeva g‘olib bo‘ldi, ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston vakili Simbat Tag‘ay egalladi.
Ushbu vazn toifasida yana bir o‘zbekistonlik dzyudochi Halimajon Qurbonova bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 52 kg gacha bo‘lgan vaznda Diyora Keldiyorova birinchi o‘rinni egalladi, Ozarbayjon vakili Farida Mirzayeva esa kumush medal oldi. Umida Jumaniyazova mazkur vaznda beshinchi bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida birinchi kungi bahslarda 73 kg gacha bo‘lgan vaznda musobaqada g‘olib chiqqan Nizomiddinxo‘ja Toshpo‘latov O‘zbekistonga oltin medal keltirdi. Ikkinchi o‘rinni ozarbayjonlik Kamran Sulaymonov egalladi. Ayollar o‘rtasida 57 kg gacha bo‘lgan vaznda Muhayyo Axmatova bronza medaliga sazovor bo‘ldi, Nilufar Yermaganbetova esa beshinchi o‘rinni oldi. 63 kg gacha bo‘lgan vaznda Sarvinoz Husanova uchinchi bo‘ldi, Gulasal Obloqulova esa yettinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning ikkinchi kuni terma jamoa yana ikkita oltin medal bilan hisobini to‘ldirdi. 100 kg gacha bo‘lgan vaznda Mirjalol Normuminov g‘alaba qozondi, rossiyalik Muhammad-Ali Matayev kumush medal oldi. 100 kg dan yuqori mutlaq vazn toifasida Muhammadali Tangriyev birinchi o‘rinni egalladi, Qozog‘iston vakili Meyirjan Abdimalikov esa ikkinchi bo‘ldi.
O‘zbekiston dzyudochilari eng ko‘p medalni 90 kg gacha bo‘lgan vaznda qo‘lga kiritdi. Ushbu toifada ular uchta medal sohibi bo‘ldi. Ramazon Allaberdiyev finalda faqat qozog‘istonlik Yermaxan Anuarbekovga yutqazib, kumush medal bilan taqdirlandi. Azizbek Avazmurodov va Sultonbek Abdushukurov esa shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Ayollar o‘rtasida 78 kg gacha bo‘lgan vaznda yana bir kumush medalni Shinar Ibrayeva qo‘lga kiritdi. Bu vaznda Belarus vakili Darya Kansovaya g‘olib bo‘ldi. Sevinch Mahmudjonova mazkur vazn toifasida yettinchi o‘rinni egalladi. 70 kg gacha bo‘lgan vaznda Farangiz Xo‘jiyeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi, Gulina Obloqulova esa beshinchi bo‘ldi. Zulfiddin Usmonov 81 kg gacha bo‘lgan vaznda yettinchi o‘rinni egalladi.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha birinchi o‘rinni Qozog‘iston terma jamoasi egalladi. Uning hisobida yettita oltin, oltita kumush va 13 ta bronza medali bor.
Ozarbayjon jamoasi bitta oltin, beshta kumush va sakkizta bronza medali bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Belarus bitta oltin va bitta bronza medaliga, Rossiya esa bitta kumush medalga sazovor bo‘ldi.