Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi Darg‘om va Shohrud kanallari 2026 yilda jahon irrigatsiya merosi obyektlari deb eʼtirof etildi va Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasining (XIDK) tegishli reyestriga kiritildi. Bu haqda Suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish agentligi xabar berdi.
Ushbu qaror Fransiyaning Marsel shahrida 12–17 oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan XIDKning 26-xalqaro kongressi va Xalqaro ijroiya kengashining 77-yig‘ilishi doirasida eʼlon qilindi.
14 oktyabr kuni XIDK prezidenti Marko Archiyeri va tashkilot bosh kotibi Rakesh Gupta O‘zbekistondagi irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari vakillariga sertifikatlar va esdalik lavhalarini topshirdi.
Jahon irrigatsiya merosi maqomi muhandislik, xo‘jalik va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy irrigatsiya hamda drenaj inshootlariga beriladi. Darg‘om va Shohrud kanallari mamlakat suv xo‘jaligi tizimida hozir ham foydalanilmoqda.
Darg‘om kanali Markaziy Osiyodagi eng qadimiy ishlab turgan sug‘orish tizimlaridan biri hisoblanadi. Uning qurilishi miloddan avvalgi V–IV asrlarga to‘g‘ri keladi.
Kanalning uzunligi qariyb 102 kilometrni tashkil etadi. U Samarqand vohasini suv bilan taʼminlaydi hamda Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi taxminan 178 ming gektar yerga xizmat ko‘rsatadi.
Kanal tizimi 146 ta gidrotexnika inshooti va 12 ta gidropostni o‘z ichiga oladi. U o‘zining tarixiy yo‘nalishi va suvni tabiiy nishablik asosida yetkazib berish tamoyilini saqlab qolgan.
Shohrud kanali taxminan milodiy III–IV asrlarda qazilgan bo‘lib, Buxoro vohasining rivojlanishida muhim o‘rin tutgan. Asrlar davomida uning suvidan dalalar, bog‘lar va uzumzorlarni sug‘orish, shuningdek, hunarmandchilik hududlari, turar joy mahallalari va shahar suv havzalari ehtiyojlari uchun foydalanilgan.
Kanal tarixi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazi bilan chambarchas bog‘liq.
XIDK kongressi va yig‘ilishlarida 50 ga yaqin mamlakatning suv xo‘jaligi idoralari hamda milliy irrigatsiya qo‘mitalari vakillari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat aʼzolari va soha ekspertlari ishtirok etmoqda.
Asosiy mavzular qatorida iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi barqarorligini taʼminlash va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalari bor.
2025 yilda O‘zbekistonning Do‘stlik va Eski Tuyatortar kanallari ham jahon irrigatsiya merosi maqomiga sazovor bo‘lgan edi.