Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — MDH davlatlari mudofaa vazirlari harbiy hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy jangovar sharoitlarda uchuvchisiz tizimlar va robototexnikadan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Hamdo‘stlik Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Botir Qudratxo‘jayev ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari MDH davlatlarining 2026 yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik konsepsiyasi amalga oshirilishi jarayonini tahlil qildi hamda mudofaa sohasidagi hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, zamonaviy sharoitlarni hisobga olgan holda Hamdo‘stlik doirasida harbiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Yig‘ilishning alohida qismi jangovar harakatlar davomida muhandislik vazifalarini bajarishda uchuvchisiz tizimlar va robototexnika majmualaridan amaliy foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.
Mudofaa idoralari vakillari, shuningdek, hujum va mudofaa operatsiyalarida uchuvchisiz uchish apparatlaridan jangovar foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Bundan tashqari, vazirlar armiya sportini rivojlantirish va MDH davlatlari qurolli kuchlari o‘rtasida harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha musobaqalarni tashkil etishni takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Yig‘ilish yakunida Mudofaa vazirlari kengashi Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni va ularning qurolli kuchlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan bir qator qarorlarni imzoladi.