7
O‘zbekiston

O‘zbekistonda yaylovlar va landshaftlarni tiklash masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonda yaylovlar va landshaftlarni tiklash masalalari muhokama qilindi
O‘zbekistonda yaylovlar va landshaftlarni tiklash masalalari muhokama qilindi / Foto: Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yaylovlardan foydalanish samaradorligini oshirish, tabiiy landshaftlarni saqlash va chorvachilikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov, «O‘zbekistonda yuqori ekologik qiymatga ega landshaftlarni saqlash va tiklash uchun integratsiyalashgan boshqaruv» loyihasi rahbari Ulug‘bek Islomov hamda xorijiy ekspert Sara Robinson ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Uchrashuv ishtirokchilari yaylov yerlaridan oqilona foydalanish, tabiiy hududlarni saqlash va tiklash, shuningdek, chorvachilik xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni ko‘rib chiqdi. Sohaga masʼul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va belgilangan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 14 oktyabrdagi PQ-374-sonli «Yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilik xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalarning bajarilishi ham muhokama qilindi.

Tomonlar loyihaning joriy holati, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarni ko‘rib chiqdi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida yuqori ekologik va iqtisodiy qiymatga ega landshaftlarni saqlash, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va qishloq hududlarida ekologik muvozanatni mustahkamlash belgilandi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar belgilangan vazifalarni kelgusida bajarish va loyiha doirasidagi ishlarni davom ettirish yuzasidan fikr almashdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.