Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston transport-logistika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda.
Bu masalalar Yevropa taʼlim jamg‘armasi (ETF) tomonidan tashkil etilgan va Yevropa Ittifoqi ko‘magida Ashxobodda bo‘lib o‘tgan DARYA loyihasining yuqori darajadagi guruhi beshinchi yig‘ilishida muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Muratov rahbarlik qildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari milliy malaka tizimlarini rivojlantirish, kasbiy standartlarni joriy etish hamda Code 95 tizimi bo‘yicha sertifikatlash sohasida Litva bilan hamkorlik qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, kun tartibidan “yashil” ko‘nikmalarni shakllantirish va elektr transporti sohasida tajriba almashish masalalari ham o‘rin oldi.
Transport-logistika sektori uchun mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida malaka sertifikatlarini o‘zaro tan olishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu yo‘nalishlar kasbiy taʼlim sifatini oshirish va mutaxassislarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilmoqda.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan mintaqaviy «yo‘l xaritasi»ni kelishib oldilar. Hujjat kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish va transport tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlashga ko‘maklashishga qaratilgan.