Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda Pokiston bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Tegishli PQ-373-son qaror 2026 yil 14 oktyabrda qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston va Pokiston hukumatlari o‘rtasidagi 2026 yil 5 fevralda Islomobod shahrida imzolangan bitim tasdiqlandi.
Bitimni amalga oshirish bo‘yicha milliy muvofiqlashtiruvchi organ etib O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollar nazorati agentligi belgilandi.
Kelishuvlarning bajarilishi uchun masʼul vakolatli organlar qatoriga ushbu agentlik, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi kiritildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga bitimning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani to‘g‘risida Pokiston tomoniga rasmiy bildirishnoma yuborish topshirildi.