Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida uy yerto‘lasida 400 mln so‘mlik dori vositalari topildi / Foto: DXX videosidan tayyorlangan tasvir.
Toshkent tumanidagi turar joy binosining yerto‘lasida umumiy qiymati qariyb 400 mln so‘mlik dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar turkumi aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Tezkor tadbir Bojxona boshqarmasining ichki xavfsizlik tezkor xizmati xodimlari tomonidan kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Toshkent viloyati bo‘yicha DXX boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Toshkent tumanidagi “Bunyodkor” mahallasida joylashgan turar joy binosi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Ko‘zdan kechirish xolislar va tadbir ishtirokchilari huzurida amalga oshirildi.
Yerto‘la xonalaridan xodimlar 25 nomdagi dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni aniqladi. Jami 1 913 dona mahsulot borligi maʼlum bo‘ldi.
Tekshiruv natijasida aniqlangan dori vositalari tibbiy sertifikatlarga ega emasligi aniqlandi. Mahsulotlar belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, aniqlangan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 400 mln so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlar aniqlangan holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.