Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sea Breeze loyihasining atrof-muhitga taʼsirini baholashning birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlandi. Ular bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining tegishli xulosalari olindi.
Loyihani amalga oshirish jarayoni haqidagi xabarda qayd etilishicha, ekologik tartib-taomillar qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
O‘tkazilgan tartib-taomillar, taqdim etilgan materiallar, kelib tushgan eʼtiroz va takliflar, shuningdek, tegishli tushuntirishlar ochiq manbalarda eʼlon qilib borilmoqda. Taʼkidlanishicha, bu loyihani ekologik jihatdan kuzatib borish jarayonining shaffofligini va uni amalga oshirishning asosiy bosqichlarida jamoatchilik ishtirokini taʼminlaydi.
Atrof-muhitga taʼsirni baholashning birinchi bosqichi asosiy loyiha yechimlari amalga oshirilishidan oldin dastlabki ekologik baholashni nazarda tutadi. U doirada obyektning atmosfera havosi, suv va yer resurslari, yashil hududlar, bioxilma-xillik, chiqindilar hosil bo‘lishi va muhandislik infratuzilmasiga ehtimoliy taʼsiri ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, ehtimoliy ekologik xavflar va ularni kamaytirish choralari baholanadi, jamoatchilikning taklif va eʼtirozlari inobatga olinadi.
Ikkinchi bosqich loyiha yechimlarini yana-da batafsil ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Ushbu bosqichda ehtimoliy taʼsirning parametrlari va ko‘lami, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish va kompensatsiya choralari, muhandislik yechimlari, qurilish ishlariga, chiqindilar bilan ishlashga, suvdan foydalanish va ko‘kalamzorlashtirishga qo‘yiladigan talablar aniqlashtiriladi.
Shu tariqa, Sea Breeze loyihasini ekologik jihatdan kuzatib borish bir nechta izchil nazorat bosqichlarini qamrab oladi. Ularda loyiha yechimlari ularning batafsil ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi jarayonida tekshiriladi hamda aniqlashtiriladi.
Qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng ekologik baholashning yakuniy bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. U obyektni foydalanishga topshirishdan oldin amalga oshiriladi va tabiatni muhofaza qilish choralarining amalda bajarilganini, ekologik talablarga rioya etilganini hamda qurilgan obyekt kelishilgan ekologik shartlarga muvofiqligini tekshirish imkonini beradi.
Davlat nazoratidan tashqari, loyihani amalga oshirish jarayoni jamoatchilikning ekologik monitoringi bilan ham kuzatib borilmoqda.
Jamoatchilik kengashi aʼzolari loyiha hududiga borib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishmoqda hamda ekologik talablar va nazarda tutilgan tabiatni muhofaza qilish choralarining bajarilishini tekshirmoqda.