Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘tgan yili Qoraqalpog‘istonga 1 milliard 700 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilindi. Bu 2021 yilga nisbatan 22 barobar ko‘pdir.
Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qildi.
Prezident Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti mamlakatdagi eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylanganini taʼkidladi. Joriy yilning birinchi yarmida hudud iqtisodiyoti 10,2 foizga o‘sib, Toshkentdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, investitsiyaviy faollikning oshishi hudud uchun yaratilgan imtiyozlar bilan bog‘liq. Foyda solig‘i, yer va mol-mulk soliqlari ikki barobarga kamaytirilgan, sanoat uchun elektr energiyasi tarifi 15 foizga pasaytirilgan, ijtimoiy soliq esa 1 foiz miqdorida belgilangan.
Mirziyoyev yig‘ilish arafasida Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyihaning qurilishiga start berilganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellekt va data-markazlar sohasidagi loyihalar uchun tashkil etilgan maxsus hududda 8 milliard dollarlik oltita loyiha amalga oshiriladi.
Prezident sohalar bo‘yicha tashabbuslar haqida ham maʼlumot berdi. Kimyo sanoati rahbarlariga dastlabki 400 million dollarlik rejaga qo‘shimcha ravishda yana 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 5 mingta ish o‘rni yaratish topshirildi.
Uning maʼlum qilishicha, respublikadagi beshta tumanda to‘qimachilik va charm sanoatida kamida 150 million dollarlik, elektrotexnika sanoatida 200 million dollarlik, energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishda 100 million dollarlik, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishda 120 million dollarlik va farmatsevtika sohasida 50 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Mirziyoyev xorijiy kapital ishtirokidagi loyihalarni ham alohida qayd etdi. Xitoylik investor Qorao‘zak tumanidagi “Urusai” oltin koniga 33 million dollar investitsiya kiritgan. Germaniya kompaniyasi Beruniy tumanidagi kvarsit konini o‘zlashtirishga 30 million dollar sarflagan. Keyinchalik kristall kremniyni eksport qilishdan yiliga 25 million dollar tushum olish rejalashtirilgan. Italiyaning «Bonifika Ferrarizi» kompaniyasi esa Taxtako‘pir tumanida pomidor va don yetishtirish hamda qayta ishlash, mahsulotlarni Yevropa bozoriga eksport qilish bo‘yicha 50 million dollarlik loyihani boshlamoqda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 15 oktyabrga qadar hududning har bir tumani bo‘yicha investitsiyaviy road show tadbirlari o‘tkaziladi. Ularda viloyatlar hokimlari 2–3 mingta yuqori maoshli ish o‘rni yaratiladigan loyihalar uchun investorlarni jalb qilishi kerak.
Umuman, Mirziyoyev kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasini qo‘ydi.