O‘zbekiston

Qoraqalpogʻistonda sugʻorish suvining 38 foizi yoʻqoladi — Mirziyoyev

Qoraqalpogʻistonda sugʻorish suvining 38 foizi yoʻqoladi — Mirziyoyev
Qoraqalpogʻistonda sugʻorish suvining 38 foizi yoʻqoladi — Mirziyoyev / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonda 417 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun 5 milliard 700 million kub metr suvdan foydalaniladi. Shundan 38 foizi yoki 2 milliard 100 million kub metri yo‘qotilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qildi.

Prezident To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” kanali orqali har yili 115 million kub metr suv o‘tishi, shundan 44 million kub metri yo‘qotilayotganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanalni to‘liq betonlashtirish orqali yana 9 ming gektar yerni suv bilan taʼminlash va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.

Mirziyoyev Bo‘zatov tumanidagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometrlik qismini betonlashtirish yerlardan foydalanish maydonini 3 ming gektarga kengaytirish va 15 ming gektar yerning suv taʼminotini yaxshilash imkonini berishini taʼkidladi. Shuningdek, uchta gidrotexnika inshooti va 22 ta artezian qudug‘ini qurish qo‘shimcha 5 ming gektar ozuqa yerlarini yaratish imkonini beradi.

Prezident ushbu ishlar uchun jami 135 milliard so‘m ajratish va ikki kanalni betonlashtirish ishlarini 1 martga qadar yakunlash vazifasini topshirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, To‘rtko‘l va Bo‘zatov tumanlarida kelasi yili 17 ming gektar maydonga ozuqa ekinlarini ekish va 2 ming kishini daromad bilan taʼminlash zarur.

Mirziyoyev suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar miqdorida grant jalb etilganini ijobiy baholadi. U kelasi yili bunday grantlar hajmini 100 million dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek, u o‘tgan yili 30 milliard so‘m hisobidan 276 ta suv nasos agregati energiya tejamkor nasoslarga almashtirilganini maʼlum qildi. Bu har yili 16 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejash imkonini bermoqda. 1 aprelga qadar Qoraqalpog‘istonda yana 59 ta, boshqa hududlarda esa 200 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.