Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentni keyingi rivojlantirishda shaharsozlik va ekologik muammolarni hisobga olish zarurligini taʼkidladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt jadal surʼatlarda rivojlanmoqda va bu uning kelajagini rejalashtirishga yana-da puxta yondashishni talab qiladi. Shu munosabat bilan yirik arxitektura loyihalari tashabbuskorlari, mustaqil mutaxassislar va urbanistlar, shuningdek, sohaviy studiyalar hamda oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Asosiy masalalardan biri shahar infratuzilmasiga tushayotgan yuklama bo‘ldi. Ishtirokchilar muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy obyektlarning holati, shuningdek, energiya va suv taʼminoti masalalarini muhokama qildi.
«Yangi qurilish shaharni rivojlantirishi, qo‘shimcha nomutanosiblikni keltirib chiqarmasligi va uning tizimlariga ortiqcha yuklama bermasligi kerak», — dedi Saida Mirziyoyeva.
U poytaxtni keyingi rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli vazifalarni hal etish zarurligini taʼkidladi. Shu bilan birga, davlat Toshkentni aholi va shahar mehmonlari uchun yana-da qulay, chiroyli, toza va xavfsiz qilishga intilayotgan biznesni qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, bunday qo‘llab-quvvatlash Yangi O‘zbekiston siyosatiga mos keladi va Prezident tomonidan qo‘yilgan bevosita vazifadir.