Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchi fuqarolar narkotik moddalar isteʼmoli bo‘yicha tekshiriladi. Tegishli tartib Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Tekshiruv Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning filiallarida o‘tkaziladi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar harbiy-tibbiy komissiyaga yuborilishidan oldin tekshiruvdan o‘tishi kerak. Kontrakt bo‘yicha xizmatga nomzodlar esa harbiy-tibbiy muassasadagi tibbiy ko‘rikdan oldin tekshiriladi.
Tekshiruv ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda siydik namunasi ekspress-test yordamida tekshiriladi. Agar natija ijobiy chiqsa, siydik yoki qonning mass-spektrometrik tahlili o‘tkaziladi.
Tekshiruv natijasi ijobiy chiqqan, shuningdek, biologik namunalarni taqdim etishdan bosh tortgan fuqarolar harbiy-tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaydi.
Vazirlik fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari va o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari maxfiy saqlanishini taʼkidladi.