Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini o‘zgartiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 15 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolariga Tailandga turistik safarlar uchun vizani oldindan rasmiylashtirish talab etiladi. Shu sanadan amaldagi 60 kunlik vizasiz rejim va kelganda viza olish (Visa on Arrival) imkoniyati bekor qilinadi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.
14 sentyabrga qadar O‘zbekiston fuqarolari Tailandga vizasiz 60 kungacha bo‘lgan muddatga kirishlari mumkin.
Yangi qoidalar kuchga kirganidan so‘ng turistik vizani safarga chiqishdan oldin olish kerak bo‘ladi. Arizani, jumladan, thaievisa.go.th rasmiy tizimi orqali topshirish mumkin.
Bunda sayt orqali viza yig‘imini onlayn to‘lash imkoniyati mavjud emas. Yig‘imni AQSH dollarida Tailandning eng yaqin konsulxonasida to‘lash kerak.
Uzbekistan Airways yo‘lovchilar eʼtiborini HY531 reysiga alohida qaratdi. Samolyot 14 sentyabr kuni Toshkentdan uchadi, biroq Bangkokka 15 sentyabr kuni yetib borishi rejalashtirilgan. Shu sababli ushbu reys yo‘lovchilari yangi viza talablariga tushadi.
Yo‘lovchilarga safarlarni rejalashtirish va aviachiptalarni xarid qilishda mazkur o‘zgarishlarni hisobga olish tavsiya etilmoqda. Yangi talablarga rioya qilmaslik reysga ro‘yxatdan o‘tish yoki Tailandga kirish rad etilishiga olib kelishi mumkin.