O‘zbekiston 10 ming dollargacha naqd pulni deklaratsiyasiz olib chiqishga ruxsat beradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan respublikadan naqd xorijiy valyutani deklaratsiyasiz olib chiqish meʼyori AQSHning 10 ming dollariga ekvivalent miqdorda belgilanadi. Bu 2026 yil 27 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona maʼmuriyatchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-174-son farmonida qayd etilgan.
Farmon ilovasiga ko‘ra, mazkur meʼyor 2027 yil dekabr oyiga qadar amalga oshirilishi kerak. Uning ijrosi uchun Davlat bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Adliya vazirligi masʼul etib belgilangan.
Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, 2027 yil dekabr oyiga qadar O‘zbekiston fuqarolariga xorijda ro‘yxatdan o‘tkazilgan transport vositalarini bojxona to‘lovlarini to‘lashni taʼminlash sharti bilan notijorat maqsadlarda mamlakatga vaqtincha olib kirish imkoniyati beriladi. Ushbu chorani amalga oshirish Davlat bojxona qo‘mitasi va Adliya vazirligi zimmasiga yuklangan.
Mazkur o‘zgarishlar shu farmon bilan 2026–2030 yillarga tasdiqlangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi — 2030» strategiyasi doirasida, xususan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun bojxona jarayonlarida qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘nalishida qabul qilinmoqda.