ILMA Winvestment Consult‘ni investitsiya maslahatchilari reyestridan chiqardi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Winvestment Consult» MCHJning O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya maslahatchisi sifatidagi professional faoliyati 2026 yil 2 sentyabrdan to‘xtatildi. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlum qilishicha, bunga kompaniyaning mazkur faoliyatni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi bildirishi asos bo‘lgan.
Faoliyatni to‘xtatish O‘zbekiston Respublikasining «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunining 44-moddasi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya maslahatchisining faoliyatini boshlash yoki to‘xtatish haqida vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 27-bandiga muvofiq rasmiylashtirilgan.
Mazkur Nizom Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026 yil 7 maydagi 19-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan va 2026 yil 9 iyunda 3852-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Professional faoliyat to‘xtatilganidan so‘ng, tegishli maʼlumot Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritildi.