Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati va Xitoyning Feihe Group kompaniyasi sut ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda hududga investitsiyalar jalb etish istiqbollarini muhokama qildi. Bu Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning kompaniya vakillari bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha maʼlum bo‘ldi.
Tomonlar asosiy eʼtiborni sut ishlab chiqarish va uni chuqur qayta ishlash, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, chorvachilikka innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish masalalariga qaratdi.
Feihe Group quruq sut mahsulotlari, jumladan, bolalar uchun quruq sut aralashmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Kompaniya xomashyo bazasini shakllantirishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab olgan ishlab chiqarish siklidan foydalanadi.
Ayni vaqtda kompaniya tasarrufida 14 ta zamonaviy zavod va 15 ta fermer xo‘jaligi mavjud. Uning ishlab chiqarish bazasi 150 mingdan ortiq qoramol va 67 ming gektar ixtisoslashtirilgan qishloq xo‘jaligi yerlarini qamrab oladi.
Uchrashuv davomida Feihe Group‘ning ishlab chiqarish tajribasi va texnologik yechimlarini Toshkent viloyatida qo‘llash, shuningdek, qo‘shma loyihalarni shakllantirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Hudud iqtisodiyotiga ilg‘or texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.