Moliya

O‘zbekiston va HANPASS pul o‘tkazmalarini yaxshilashga kelishdi

O‘zbekiston va HANPASS pul o‘tkazmalarini yaxshilashga kelishdi
O‘zbekiston va HANPASS pul o‘tkazmalarini yaxshilashga kelishdi / Foto: Migratsiya agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Migratsiya agentligi delegatsiyasi Seulda xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi Janubiy Koreyaning HANPASS kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun pul o‘tkazmalarini yana-da qulaylashtirish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratishga kelishib oldi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

 

HANPASS xalqaro pul o‘tkazmalari va boshqa moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniya platformasi orqali dunyoning 200 dan ortiq mamlakatiga pul o‘tkazish mumkin. Uning xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 1 milliondan oshadi.

Muzokaralar davomida Migratsiya agentligi vakillari Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uchun pul o‘tkazmalarini yana-da qulay va xavfsiz qilishni, shuningdek, ular uchun manfaatli shartlar va maxsus xizmat paketlarini ishlab chiqishni taklif qildi.

Uchrashuv ishtirokchilari moliyaviy xavfsizlik sohasidagi zamonaviy yechimlarni ham muhokama qildi. Moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida firibgarlik holatlarini aniqlash va ularning oldini olish imkonini beruvchi texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Migratsiya agentligi va HANPASS hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.