Janubiy Koreyada O‘zbekistonning to‘rt fuqarosi ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreyada O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosi Suriyada faoliyat yuritayotgan «Katiba at-Tauxid val-Jihod» (KTD) terrorchilik guruhini moliyalashtirish va unga ko‘maklashishda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Yonhap agentligi Kvandju politsiyasiga tayanib xabar berdi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri, 30 yoshlar atrofidagi erkak 2025 yil aprel oyidan boshlab guruhga 6,3 million von miqdorida kriptovalyuta o‘tkazgan. Bu qariyb 4,6 ming dollarga teng. KTD 2022 yildan buyon BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Tergovchilar shuningdek, erkak xuddi shu davrda guruhdan kriptovalyuta olgan, deb gumon qilmoqda. Politsiya versiyasiga ko‘ra, u ushbu mablag‘larga umumiy qiymati 170 million von bo‘lgan 11 ta ishlatilgan avtomobil va ikkita ekskavator sotib olgan. Keyinchalik texnika Suriyaga yuborilgan.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchining KTD bilan rasmiy aloqalari bo‘lmagan. Shu bilan birga, politsiya uning guruh aʼzosi bo‘lgan ukasi u bilan bog‘langanidan so‘ng KTDga yordam bera boshlaganini aniqlagan.
Erkak Interpolning «qizil bildirishnoma»siga kiritilganidan so‘ng aprel oyida ushlangan. Yonhap maʼlumotlariga ko‘ra, u ishlatilgan avtomobillarni eksport qilish bilan shug‘ullangan kompaniyaga rahbarlik qilgan.
O‘zbekistonning yana uch nafar fuqarosi ishning asosiy figurantiga ko‘maklashishda gumon qilinmoqda. Xususan, tergov ular unga ishlatilgan avtomobillarni topishda yordam bergan, deb hisoblamoqda.
Politsiyada so‘roq qilinganidan so‘ng uch gumonlanuvchiga qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ish holatlari bo‘yicha tergov davom etmoqda.