Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan alifboni takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
U qonun qabul qilinishini tarixiy xatoni tuzatish deb atadi va mamlakatda yozuvni o‘zgartirish masalasi ko‘p yillar davomida muhokama qilinganini eslatdi. Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, u alifboni takomillashtirish zaruratini hali 2023 yil 11 dekabr kuni jadidlar merosiga bag‘ishlangan konferensiyada ko‘targan edi.
Prezident Administratsiyasi rahbari o‘zgarishlar xavotir va eʼtirozlarga sabab bo‘lishi mumkinligini tan oldi. Biroq u yozuvni yangilash alifbodagi kamchiliklarni bartaraf etish va raqamli muhitda o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash uchun zarurligini taʼkidladi.
Saida Mirziyoyeva islohot amaldagi hujjatlarni ommaviy ravishda almashtirishni talab qilmasligini ham tushuntirdi. Avval berilgan barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘zining yuridik kuchini saqlab qoladi. Darsliklar, peshlavhalar va yo‘l ko‘rsatkichlari esa xarajatlarni kamaytirish maqsadida ularning xizmat muddati tugashiga qarab bosqichma-bosqich yangilanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning aynan 21 oktyabr kuni imzolanishi ramziy ahamiyatga ega. Saida Mirziyoyeva takomillashtirilgan alifbo yoshlarning savodxonligini oshirish va o‘zbek tilining nufuzini mustahkamlashga yordam berishidan umid bildirdi.
Oliy Majlis Senati alifboga kiritiladigan o‘zgarishlarni 2026 yil sentyabr oyi boshida maʼqullagan, Qonunchilik palatasi esa tegishli qonunni iyul oyi boshida qabul qilgan edi.
Yangi tahrirda avvalgi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va apostrof nazarda tutilgan. Sh, Ch, O‘ va G‘ birikmalari Ş, Ç, Ö va Ğ harflari bilan almashtiriladi. Bunda Ng endi alifboning alohida birligi sifatida qaralmaydi.
Alifbo islohoti 30 yildan ortiq davom etdi
O‘zbekiston 1993 yilda lotin yozuviga asoslangan alifboni qabul qilgan. Uning dastlabki variantida Ş, Ç, Õ va Ğ harflaridan foydalanilgan, biroq 1995 yilda ular Sh, Ch, O‘ va G‘ birikmalari bilan almashtirilgan.
Lotin alifbosiga to‘liq o‘tishni 2000 yilga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi, ammo jarayon o‘nlab yillarga cho‘zildi.
2020 yil oktyabr oyida Mirziyoyev o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda yangilangan alifboga to‘liq o‘tishni taʼminlash uchun ishchi guruh tuzish nazarda tutilgan edi.
Alifbo islohotining turli variantlari 2018, 2019 va 2021 yillarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. 2023 yilda esa muqobil variant taklif etilgan.
Harflar tarkibi va ularning yozilishi bo‘yicha munozaralar o‘zgarishlar qonunchilikda mustahkamlanguniga qadar bir necha yil davom etdi.