Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 21 oktyabrdan Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishidagi 732/731-sonli yo‘lovchi poyezdi o‘rniga zamonaviy CRRC-Dalian elektropoyezdi qatnay boshladi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berishicha, poyezd iqtisodiy toifadagi beshta vagondan iborat bo‘lib, 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
732-sonli poyezd Toshkent yo‘lovchi vokzalidan soat 18:40 da jo‘nab ketadi va Andijon-1 vokzaliga soat 23:12 da yetib boradi. Qaytish yo‘nalishidagi 731-sonli poyezd esa 22 oktyabrdan boshlab Andijondan soat 07:20 da jo‘nab, Toshkentga soat 12:12 da yetib keladi. Poyezdlar avvalgi kunlarda qatnovni davom ettiradi.
Elektropoyezd har hafta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi munosabati bilan 26 oktyabrdan boshlab dushanba kunlari Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishidagi 730/729-sonli poyezd qatnovi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, Andijonni boshqa shaharlar bilan bog‘lovchi qator poyezdlarning harakat jadvali ham o‘zgaradi. 21 oktyabrdan boshlab 125/126-sonli Andijon — Xiva/Urganch, 129/130-sonli Andijon — Termiz, 127/128-sonli Andijon — Qo‘ng‘irot poyezdlari, shuningdek, 6312, 7091, 7093 va 7094-sonli shahar atrofi poyezdlari uchun yangi jadval joriy etiladi.
22 oktyabrdan 95/97-sonli Andijon — Toshkent poyezdining, 24 oktyabrdan esa 93-sonli Andijon — Toshkent va 98/94-sonli Toshkent — Andijon poyezdlarining harakat jadvali o‘zgaradi.
25 oktyabrdan 734/92-sonli Toshkent — Andijon poyezdi uchun yangi jadval amal qila boshlaydi. 26 oktyabrdan 733-sonli Andijon — Toshkent poyezdining, 27 oktyabrdan esa 91-sonli Andijon — Toshkent poyezdining harakat jadvali yangilanadi.
20 oktyabr kuni Termizdan jo‘nab ketgan 130/129-sonli Termiz — Andijon poyezdining Toshkent-Janubiy — Andijon uchastkasidagi yangi harakat jadvali 21 oktyabrdan amal qiladi.
Yo‘lovchilarga safarni rejalashtirishda ushbu o‘zgarishlarni hisobga olish va poyezdlarning jo‘nash vaqtini oldindan aniqlash tavsiya etilmoqda.