O‘zbekiston

Ziroat Mirziyoyeva og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha global tarmoqqa rahbarlik qildi

Ziroat Mirziyoyeva og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha global tarmoqqa rahbarlik qildi
Ziroat Mirziyoyeva og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha global tarmoqqa rahbarlik qildi / Foto: “Zamin” fondi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ikki yil muddatga og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq raisi etib tayinlandi. Xalqaro tashabbus tashkil etilgani Samarqandda Bolalar farovonligi bo‘yicha jahon sammiti doirasida o‘tkazilgan bolalar saratoniga bag‘ishlangan II xalqaro kongressda eʼlon qilindi. Bu haqda “Zamin” fondi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tarmoq xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga, jumladan, onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida birinchi xonimlar va davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlarini birlashtiradi.

Tashabbusni AQSHdagi St. Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti va St. Jude Global dasturi direktori Karlos Rodriges-Galindo taqdim etdi. Mirziyoyevaning tarmoq raisi lavozimiga kirishish marosimi kongress doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Birinchi xonimi tibbiy yordamga muhtoj bolalar muammolarini hal etish uchun xalqaro hamjamiyat, hukumatlar, olimlar va gumanitar tashkilotlarni kuchlarni birlashtirishga chaqirdi.

«Kasalliklar va azob-uqubatlar siyosiy chegaralar, millat yoki daromad darajasini tan olmaydi. Keling, farovon kelajak yo‘lida birlashaylik, toki birorta ham bola va birorta ham oila o‘z dardi bilan yolg‘iz qolmasin», — dedi Mirziyoyeva.

Bolalar saratoniga bag‘ishlangan II xalqaro kongress «Sog‘ayishdan hayot sifatini yaxshilashgacha» shiori ostida o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya sog‘liqni saqlash organlari vakillari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologlar maktabi, xorijiy universitet klinikalari va tibbiyot markazlari, shuningdek, ilmiy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Global tarmoqning tashkil etilishi og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Mirziyoyevaning tarmoq raisi etib tayinlanishi O‘zbekistonning bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish va bolalarning sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlari eʼtirof etilganini aks ettiradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.