7
O‘zbekiston

O‘zbekiston Afg‘onistonda qurilish loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi

O‘zbekiston Afg‘onistonda qurilish loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi
O‘zbekiston Afg‘onistonda qurilish loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi / Foto: Videodan olingan kadr.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi «O‘zshaharsozlik LITI» bosh direktori Bobur Elmuradov boshchiligida qurilish, uy-joy xo‘jaligi va infratuzilma sohalaridagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun Kobul shahriga bordi.

Muzokaralar davomida Afg‘oniston tomoniga turar joy va biznes majmualarini qurish, sanoat zonasini rivojlantirish hamda go‘shtni qayta ishlash klasterini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar taqdim etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif buyurgan kuni Afg‘oniston shaharsozlik va uy-joy qurilishi vazirining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Nasix Rabboniy hamda vazirlikning boshqa vakillari bilan uchrashdi.

Afg‘oniston tomoni ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona xususiyatga ega ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vazirlik vakillari, shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalarining Afg‘onistondagi yirik qurilish va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini bildirdi.

Bobur Elmuradov «O‘zshaharsozlik LITI» va «Kommunal LITI» tashkilotlari faoliyati haqida maʼlumot berib, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni bayon etdi.

Jumladan, O‘zbekiston tomoni Kobul shahrida biznes majmuasi va turar joy binolarini qurishni, shuningdek, Kobul xalqaro aeroporti yaqinidagi 60 gektar maydonda zamonaviy turar joy va ijtimoiy majmua barpo etishni taklif qildi.

Boshqa tashabbuslar qatorida “Hayraton” sanoat zonasida loyihalarni amalga oshirish va Mozori-Sharif shahrida go‘shtni qayta ishlash klasterini tashkil etish ham bor. Ushbu korxona O‘zbekistonga yetkazib berish uchun sifatli go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar «O‘zshaharsozlik LITI»ning Kobul shahrida vakolatxonasini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, afg‘onistonlik mutaxassislarning qurilish sohasida malakasini oshirishni tashkil etish taklif qilindi.

Oktyabr oyida Afg‘onistonning tegishli vazirligida texnik uchrashuvlar o‘tkazish va Kobulda amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, «Yangi Kobul» tashabbusi bilan tanishish rejalashtirilgan.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.