7
O‘zbekiston

O‘zbekistonda sudlar valyuta jarimalarini 50 foizga kamaytirishi mumkin

O‘zbekistonda sudlar valyuta jarimalarini 50 foizga kamaytirishi mumkin
O‘zbekistonda sudlar valyuta jarimalarini 50 foizga kamaytirishi mumkin / Foto: O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni qaytarishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganlik uchun belgilangan jarimalar miqdorini yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda sudlar tomonidan 50 foizga kamaytirish imkonini beruvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat Senatga yuborildi.

Tuzatishlar «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning 11¹-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Ushbu o‘zgartishlar tadbirkorlar tashqi savdo majburiyatlarini bajarish uchun o‘zlariga bog‘liq barcha choralarni ko‘rgan, biroq xorijiy hamkorlarning xatti-harakatlari, to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli aktivlarni o‘z vaqtida qaytara olmagan holatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasiga ilova qilingan materiallarda taʼkidlanishicha, amaldagi tartib sudlarga bunday holatlarni to‘liq hisobga olish va moliyaviy sanksiyalar miqdorini mutanosib ravishda kamaytirish imkonini bermaydi.

Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, 2024 yilda iqtisodiy sudlar qariyb 3,5 ming nafar tadbirkorga nisbatan jami 752 milliard so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llagan. 2025 yilda esa sanksiyalar 9,1 ming nafardan ortiq tadbirkorga nisbatan qo‘llanilgan, jarimalarning umumiy miqdori 3,3 trillion so‘mni tashkil etgan.

Hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida imtiyozni aktivlarning aynan yarmini qaytargan tadbirkorlarga ham tatbiq etish nazarda tutildi. Shu tariqa, javobgarlikni yengillashtiruvchi kamida bitta holat mavjud bo‘lsa, sud jarima miqdorini 50 foizga kamaytirishi mumkin bo‘ladi.

Kutilishicha, o‘zgartishlar tashqi savdo faoliyatining vijdonli ishtirokchilariga tushadigan moliyaviy yukni kamaytirish, ularning aylanma mablag‘larini saqlab qolish va faoliyatini davom ettirishi uchun qo‘shimcha sharoit yaratish imkonini beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.