Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda mikroelektronika, mexatronika va integral mikrosxemalarni loyihalash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv va baholash markazini ochish rejalashtirilmoqda.
Tashabbus O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Malayziyadagi Penang Skills Development Centre (PSDC) markazi bilan hamkorligi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi markaz vazirlik tizimidagi malaka baholash markazlari negizida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. U zamonaviy texnologik tarmoqlarda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy taʼlim berish va ko‘nikmalarni baholashga ixtisoslashadi.
Fuqarolar «Kasbiy vaucher» tizimi orqali malakasini oshirishi va yangi kasblarni o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi. Loyiha mikroelektronika, mexatronika va integral mikrosxemalarni loyihalash (IC Design) sohalarida kasbiy tayyorgarlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Penang Skills Development Centre 1989 yilda tashkil etilgan bo‘lib, elektronika va mikroelektronika sanoati, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish hamda avtomatlashtirish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan.
Markazning sanoat sohasidagi hamkorlari qatoriga Intel, AMD, Bosch, Renesas va OSRAM kabi xalqaro kompaniyalar kiradi.