Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sanoat xavfsizligi tizimini takomillashtirish va uning talablarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi hamda Senatga yuborildi.
Taklif etilayotgan tuzatishlar sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini taʼminlash, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, shuningdek, xavfsizlik uchun masʼul shaxslarning javobgarligini oshirishga qaratilgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga sanoat xavfsizligi talablarini buzish oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid normalarni kiritish taklif etilmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritiladigan o‘zgartishlar mansabdor shaxslarning xavfsizlik talablariga rioya etmasligi, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida davlat nazoratini taʼminlamasligi, shuningdek, avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha talablarni bajarmasligi uchun javobgarlikni belgilash va kuchaytirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, qonun loyihasida ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda vakolatli organlarning vazifalarini aniqlashtirish ham ko‘zda tutilgan.