Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Abrorjon Po‘latov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari sekretariati mudiri o‘rinbosari etib tayinlandi. Tegishli farmoyishni Prezident Administratsiyasi rahbari imzoladi.
Abrorjon Po‘latov 1986 yil 12 fevralda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent islom universitetining huquqshunoslik fakultetini, 2008 yilda esa O‘zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarini tamomlagan.
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.
Po‘latov 2007–2019 yillarda Ichki ishlar vazirligining Transportda xavfsizlik bosh boshqarmasida ishlagan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi matbuot kotibi, «Avtoradio media» xususiy korxonasi direktori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2022 yil may oyida u O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bosh direktori etib tayinlangan.
Bunga qadar Po‘latov assotsiatsiya bosh direktori o‘rinbosari, ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimida ishlagan.