Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan «Chiqindilar to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Yangi hujjatni qabul qilish zarurati amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar bilan bog‘liq. Jumladan, sohani boshqarish asoslari, uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, mulkiy munosabatlar, shuningdek, moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarlicha aniq belgilanmagan.
Qonun loyihasida chiqindilar bilan bog‘liq sohada vakolatli davlat organlari va mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda majburiyatlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etish shakllari belgilanmoqda.
Hujjatda chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish va sohani rivojlantirish uchun iqtisodiy rag‘batlantirish choralarini belgilash nazarda tutilgan. Sanoat obyektlarida xavfli chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish tizimini, shuningdek, tibbiy va biologik chiqindilar bilan ishlash tizimini yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasi qurilish chiqindilaridan qayta foydalanish va sanitariya tozalash ishlariga ixtisoslashgan tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydi. Qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari va ularni joylashtirish uchun mo‘ljallangan poligonlarga qo‘yiladigan talablarni qonunchilik darajasida mustahkamlash taklif etilmoqda.
Yana bir yangilik chiqindilar bilan bog‘liq munosabatlar sohasidagi qonunchilikni buzish natijasida yetkazilgan zararni qoplash mexanizmini joriy etishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi sohadagi munosabatlarni tizimli tartibga solish uchun yana-da mukammal huquqiy asos yaratishga qaratilgan.