Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Marokash parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi

O‘zbekiston va Marokash parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi
O‘zbekiston va Marokash parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Parlamentlararo Ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Marokash Qirolligi parlamenti Maslahatchilar palatasi Raisi Muhammad Uld ar-Rashid bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Marokash o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tanzila Narbayeva Marokash O‘zbekistonning Shimoliy Afrikadagi muhim hamkorlaridan biri ekanini taʼkidlab, ikki mamlakatning tarixiy, maʼnaviy va madaniy yaqinligi, shuningdek, o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarini qayd etdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashda parlament diplomatiyasining roliga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu munosabat bilan tomonlar o‘zaro tashriflarni faollashtirish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish, shuningdek, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish muhimligini taʼkidladilar.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va ikki mamlakat xususiy sektorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va energetika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham alohida muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Marokash Qirolligi parlamenti Maslahatchilar palatasi parlamentlararo hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Hujjat ikki mamlakat o‘rtasida tizimli va samarali parlamentlararo muloqot uchun asos yaratishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.