Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan biznes markazlaridan birida Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti xodimlari kompyuter texnologiyalari sohasida konsalting xizmatlari ko‘rsatish niqobi ostida onlayn qimor o‘yinlari xizmatlarini taqdim etgan kompaniya faoliyatiga chek qo‘ydi.
Jinoiy guruh aʼzolari bir nechta onlayn platformalarga O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Bahrayn, Qatar, Quvayt va boshqa mamlakatlardan qariyb 60 ming nafar fuqaroni jalb qilib, ularning onlayn qimor o‘yinlarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratgan.
Ular aniq iyerarxiya va tuzilma asosida faoliyat yuritgan. Operatorlar, supervayzerlar, kassirlar, tahlilchilar va hisobot yuritish bo‘yicha mutaxassislar hamda menejerlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni qatʼiy maxfiylik sharoitida bajargan.
Mijozlarni jalb qilish uchun maxsus dasturiy taʼminot, shifrlangan aloqa va raqamli izlarni yashirish texnologiyalaridan foydalanilgan.
Maxsus operatsiya davomida serverlar, kompyuter texnikasi to‘plamlari, noutbuklar, mobil qurilmalar, bank plastik kartalari, SIM-kartalar, pul mablag‘lari va boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yildi.
Bundan tashqari, kompyuterlarni mutaxassislar ko‘zdan kechirishi davomida so‘nggi 6 oyda 4 mln dollar miqdorida mablag‘lar aylanmasi amalga oshirilgani bilan bog‘liq maʼlumotlar aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jinoiy guruhning 11 nafar asosiy aʼzosi ushlandi. Shuningdek, masofadan turib xizmat ko‘rsatgan shaxslar ham aniqlandi.