Texnologiyalar

Central Eurasian Venture Forum 2027 O‘zbekistonda o‘tkaziladi

Central Eurasian Venture Forum 2027 O‘zbekistonda o‘tkaziladi
Central Eurasian Venture Forum 2027 O‘zbekistonda o‘tkaziladi  / Foto: MOST Holding.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Central Eurasian Venture Forum (CEVF) 2027 yil aprel oyida yana O‘zbekistonda o‘tkaziladi. MOST Holding va IT Park Uzbekistan ICT Week Uzbekistan 2026 doirasida tegishli memorandumni imzoladi.

Forum mamlakatda ikkinchi yil ketma-ket o‘tkaziladi. Tomonlar Markaziy Yevroosiyo venchur bozorini rivojlantirish, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda mintaqa investorlari, texnologik kompaniyalar va startaplar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatida.

2026 yilda CEVF ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilib, 800 dan ortiq ishtirokchini jamlagan. Ular orasida 260 dan ziyod tadbirkor, 200 nafar startap vakili, 140 nafar xususiy investor hamda 60 dan ortiq korporatsiya vakillari bo‘lgan.

Tadbirda, shuningdek, boshqaruvidagi kapitalning umumiy hajmi va kapitalizatsiyasi 6 mlrd dollardan oshadigan 40 dan ortiq fond, boshqaruv kompaniyasi va rivojlanish instituti vakillari ishtirok etgan.

CEVF 2027 MOST Holding va IT Park Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlikning davomi bo‘ladi. Forumda mintaqaviy venchur ekotizimi bilan xalqaro investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, kapital jalb qilish va texnologik kompaniyalarning xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga asosiy eʼtibor qaratiladi.

CEVF dasturidan investitsiya bitimlari, xalqaro hamkorlik, transchegaraviy aloqalarni rivojlantirish va startaplarni yangi bozorlarga olib chiqish masalalari o‘rin olgan. Forum ishtirokchilari venchur fondlar, institutsional va xususiy investorlar, texnologik kompaniyalar asoschilari, korporatsiyalar, davlat tuzilmalari va rivojlanish institutlaridan iborat bo‘ladi.

CEVF 2027 ga tayyorgarlik doirasida Markaziy Yevroosiyo venchur fondlarining amaldagi va yangi boshqaruvchilari uchun GP Academy‘ni ishga tushirish ham rejalashtirilmoqda. Dastur fondlarni tashkil etish va boshqarish, institutsional investorlar kapitalini jalb qilish, Limited Partners bilan ishlash, investitsiya bitimlarini baholash va portfel kompaniyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanadi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatovning taʼkidlashicha, CEVFning ikkinchi yil ketma-ket o‘tkazilishi O‘zbekiston startaplarining xalqaro investorlar bilan aloqalarini rivojlantirish va xorijiy fondlarning mahalliy bozorga qiziqishini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish imkonini beradi.

MOST Holding bosh direktori Pavel Koktishevning bildirishicha, 2027 yilda tashkilotchilar xalqaro investorlarning qiziqishini tadbirkorlar uchun aniq uchrashuvlar, bitimlar va yangi imkoniyatlarga aylantirishga eʼtibor qaratishni rejalashtirmoqda.

CEVF 2027ning aniq sanasi, o‘tkazilish joyi, dasturi va xalqaro ishtirokchilar tarkibi qo‘shimcha ravishda eʼlon qilinadi.

SEO sarlavha: Central Eurasian Venture Forum 2027 O‘zbekistonda o‘tkaziladi

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.