O‘zbekiston

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi  / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni sezilarli darajada kuchaytirish va ularni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.

Hujjat tashabbuskori sifatida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi ishtirok etdi. Qonun loyihasi Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, shuningdek, qator boshqa qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi deputatlar tomonidan avval ham bir necha bor muhokama qilingan. Yangi qonun loyihasi voyaga yetmaganlarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va tegishli huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi hujjatni quyi palataning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun masʼul etib Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi belgilandi.

Hujjatni ko‘rib chiqish 29 sentyabr kuniga rejalashtirilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.