Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda, Samarqand shahrida ilk bor o‘tkazilgan 46-Jahon shaxmat Olimpiadasi va 3-Parashaxmat Olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjat 28 sentyabr kuni davlat rahbarining rasmiy saytida eʼlon qilindi.
Farmonda qayd etilishicha, mukofotlar musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgani, 200 dan ortiq davlatning eng kuchli shaxmatchilari bilan kechgan bahslarda yuksak mahorat, iroda va matonat namoyon etgani, shuningdek, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish va sportni ommalashtirishga qo‘shgan hissasi uchun berilgan.
Erkaklar terma jamoasi aʼzosi Muhiddin Madaminovga «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni berildi. Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yakubboyev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov va parashaxmat terma jamoasi murabbiyi Samandar Shermuhammadov «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy» unvoniga sazovor bo‘ldi. Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarovga esa «Yoshlar murabbiyi» faxriy unvoni berildi.
Javohir Sindarov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi. Ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Nafisa Mo‘minova, Shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Bobir Sattorov va Vazirlar Mahkamasining sport masalalari bo‘yicha masʼul xodimi Rashid Tolipov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
“Mardlik” ordeni erkaklar terma jamoasi aʼzosi Jahongir Vohidov hamda parashaxmat terma jamoasining besh nafar vakili — Sirojiddin Zaynidinov, Selbi Kakishova, Ahadxon Kimsanboyev, Sardorbek Mamarajabov va Marsel Shayusupovga topshirildi.
«Kelajak bunyodkori» medali bilan shaxmatchilar Abdimalik Abdisalimov, Humoyun Begmuratov, Ortiq Nig‘matov va Muhammadzohid Suyorov, shuningdek, Shaxmat federatsiyasining axborot texnologiyalari va metodika bo‘yicha mutaxassislari Komiljon Azizov hamda Javlon Mardonov taqdirlandi.
«Sog‘lom turmush» medali musobaqalarni tashkil etish bo‘yicha mutaxassis va sharhlovchi Baxtiyor Jumayev, shuningdek, ayollar terma jamoasi aʼzolari Nilufarxon Imomquziyeva, Guldona Karimova, Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova va Afruza Hamdamovaga berildi.