Iqtisod

O‘zbekiston va Turkiya agrar sohada hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Turkiya agrar sohada hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Turkiya agrar sohada hamkorlikni kengaytiradi  / Foto: O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar agrar sohada ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.

Muzokaralarda hamkorlikning joriy holati, mavjud imkoniyatlar va kelgusida amalga oshirish rejalashtirilayotgan qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Tomonlar agrar sheriklikni yana-da rivojlantirishga, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratishga kelishib oldi.

Ustuvor yo‘nalishlar qatorida chorvachilik va ozuqa bazasini rivojlantirish, urug‘chilik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarining qurg‘oqchilikka chidamli navlarini yaratish belgilandi.

Uchrashuvda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosida ishtirok etayotgan tadbirkorlar sonini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari, baliqchilikni rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Tashrif doirasida Ibrohim Yumakli boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi Ibrohim Abdurahmonov bilan birgalikda Toshkent davlat agrar universitetiga tashrif buyurdi.

Mehmonlar talabalar uchun yaratilgan taʼlim sharoitlari, oliy taʼlim muassasasining zamonaviy infratuzilmasi va yosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.